Maksim Shatskix: Menga kim ochko yo‘qotayotganining farqi yo‘q

Superliga 13-turidan o‘rin olgan Paxtakor – Bunyodkor (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘z-o‘zidan o‘yinning borishidan xursand bo‘lmadik. Bunday futbol namoyish etmoqchi emas edik. Balki, ob-havo ta’sir qilgandir. Boshqa tomondan, bugun g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Yigitlarga bu ishni uddalagani uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘yin borasida esa, kerakli o‘zgarishlarni amalga oshiramiz.

Hozirgina aytganimdek, bizdagi muammolar hech qaerga ketgani yo‘q. Bilmadim, qanday qilib futbolchilarga kerakli so‘zlarni yetkaza olmayapmiz. Ayrim katta futbolchilarimiz ham taktik ko‘rsatmalarga rioya qilmayapti. Barchasi oddiy xatolar sababli paydo bo‘lmoqda. Buni tushuntirish qiyin. Himoya chizig‘imizda muammo bor ekanligini tan olaman. Ko‘pincha, uchrashuv oldidan tuzilgan rejamizni aksini qilyapmiz.

Bizda mavsum boshida aytganimdek, tarkibimizdagi futbolchilar yoshlar jamoasidan boshqa hech qaerda to‘p surmagan. Ularni-ku, tushunaman, ammo katta tajribasi bor yigitlarning xato qilishini tushuna olmayman. Men himoya chizig‘ini aybdor qilmagan bo‘lar edim. Mudofaa, hujum chizig‘idan boshlanadi. Bizda muammolar bor, ammo murabbiylar shu ustida ishlash uchun ham kerak.

Hamma ochko yo‘qotadi. Ular yana ochko yo‘qotishadi. Men bu haqida shogirdlarimizga mavsum boshida aytgan edim. Doim, o‘z o‘yinimizdan kelib chiqib vaziyatga nazar solishimiz kerak. Menga  kim ochko yo‘qotayotganining farqi yo‘q. Ishoning, xatto turnir jadvaliga ham dekabr oyiga qadar qaramayman. E’tibor bering, jamoalar tenglashib qoldi. Turnir jadvalidagi birinchi va oxirgi o‘rindagi klublar o‘yiniga nazar soling. Sifat borasida farq ko‘zga tashlanadi, ammo bu natijada ko‘rinmayapti. Bu juda qiziq mavzu. Bu Angliya chempionatini eslatmoqda. Masalan, Manchester Siti Brentford yoki Stok Sitiga borishi va mag‘lubiyatga uchrashi mumkin. Bu mavsumda chempionat o‘sdi va tenglashdi. Shu sababli, futbolchi va klublar o‘sishni istasa buni uddalaydi. Bu katta plyus.

Sizga tashqaridan yaxshiroq ko‘rinadi. Ular yarim mavsum ichida kuchliroq bo‘lgani aniq. Bu mashg‘ulotlarda ham ko‘zga tashlanmoqda. O‘yin amaliyoti kamroq berilayotganlar haqida bunday deya olmayman, ammo katta o‘yinlarda ularni maydonga tashlash qiyin. Ularning hammasi kuchli bo‘lib bormoqda, ammo vaqt kerak. Yoshlarni birinchi navbatda ruhan o‘yinga tayyorlash kerak. Ko‘pchilik, xatto qaerda ekanligini ham his qilmayapti. Bu yerda, biroz hammasi boshqacha. Ular tajriba ortirishi uchun vaqt kerak.

O‘rinboyev haqida biror narsa ayta olmayman. Agar Paxtakorda qolsa, albatta ishonch bildiramiz. U Angliyada yaxshigina jismonan o‘sishga erishgani ko‘zga tashlanib turibdi. Yirikroq, ayyorroq va baquvvatroq bo‘lib qaytdi. Agar qolsa, biz uchun bu janglardagi qurolga aylanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb